Fuqarolik ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2026-yil 3-iyuldagi 18, 19 va 20-sonli qarorlarining mazmun-mohiyatini sudyalar, mutasaddi davlat organlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlariga yetkazish maqsadida seminar tashkil etildi.

Seminar Xatirchi tuman Inson ijtimoiy xizmatlar markazida o‘tkazilib, unda fuqaroni muomala layoqati cheklangan yoki muomalaga layoqatsiz deb topish haqidagi ishlarni ko‘rish amaliyoti, fuqarolik ishlari bo‘yicha da’voni ta’minlash choralarini qo‘llashning ayrim masalalari hamda Oliy sud Plenumi qarorlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.

Tadbir davomida mazkur Plenum qarorlarining sud amaliyotidagi ahamiyati, qonunchilik normalarini to‘g‘ri va bir xil qo‘llash, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Seminar yakunida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javoblar berilib, Plenum qarorlarida belgilangan talablarni amaliy faoliyatda to‘g‘ri qo‘llash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Fuqarolik ishlari bo´yicha Xatirchi tuman
sudi raisi A.Xamrayev

Izoh qoldiring