Muammo nimada?
Bugungi tartibga ko‘ra, agar bola nikohdan tashqari tug‘ilgan bo‘lsa, uning otaligi ona va o‘zini ota deb tan olgan shaxsning FHDY organiga bergan qo‘shma arizasi asosida rasmiylashtiriladi.
Biroq amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim holatlarda bola tug‘ilganidan keyin turli sabablarga ko‘ra uning otaligi biologik otasi bo‘lmagan shaxs nomiga rasmiylashtirilmoqda.
Bunday holatda haqiqiy biologik ota keyinchalik o‘z huquqlarini himoya qilishda jiddiy to‘siqlarga duch keladi. Hatto bolaning o‘zi ham ushbu yozuvga nisbatan aniq belgilangan huquqiy mexanizm orqali e’tiroz bildira olmaydi.
Natijada oilaviy nizolar, sud tortishuvlari va eng muhimi — bolaning manfaatlari xavf ostida qolmoqda.
Hayotiy misol
Advokatlik amaliyotida uchragan holatda, chet el fuqarosi bo‘lgan biologik ota xorijda bo‘lgani sababli bola dastlab “yolg‘iz onalik” asosida ro‘yxatga olingan. Keyinchalik esa boshqa shaxsning roziligi bilan otalik rasmiylashtirilgan.
Oradan vaqt o‘tib, haqiqiy ota o‘z farzandi bilan bog‘liq huquqlarini tiklashga uringanida, qonunchilikdagi cheklovlar sabab murakkab vaziyat yuzaga kelgan.
Taklif etilayotgan yechim
Qonun loyihasiga muvofiq o‘zini bolaning biologik otasi yoki onasi deb da’vo qilayotgan shaxs va farzand fuqarolik holati dalolatnomasidagi tegishli yozuvga nisbatan sud tartibida e’tiroz bildirish huquqiga ega bo‘ladi.
Bu nimani anglatadi?
Agar loyiha qabul qilinsa:
bolaning manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinadi;
biologik ota-onalarning huquqlari kafolatlanadi;
oilaviy munosabatlarda adolat tamoyili mustahkamlanadi.