Sayyoramizda bir qator global muammolar borki, bular sirasiga bevosita odam savdosi singari transmilliy jinoyatlarni ham kiritish mumkin. Yildan- yilga bu illatdan jabr chekayotganlar, uning qurboni bo‘layotganlar soni ortib bormoqda.
Hudud va chegara bilmaydigan bu jinoyatning har biri jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Odam savdosidek og‘ir jinoyat inson hayoti, erkinligi va huquqlarini poymol qilib, uning erki, taqdiri va kelajagini oyoq osti qilishi bilan naqadar jirkanch ko‘rinishga ega.
Taʼkidlash joyizki, asrimizning jiddiy muammosiga aylangan odam savdosiga qarshi kurash xalqaro, mintaqaviy, koʼp va ikki tomonlama munosabatlarni talab etmoqda. Aynan, jinoyatchilikning ushbu turiga qarshi kurashish va uning oldini olish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir qator xalqaro tavsiyaviy va majburiy xarakterga ega hujjatlari qabul qilingan.
Afsuski, dunyo bo‘ylab shuncha keng qamrovli faoliyat, tegishli targ‘ibot-tashviqot olib borilishiga qaramay, har yili millionlab insonlar «zamonaviy qullik», ya’ni odam savdosi qurboniga aylanmoqda. Ular orasida ayollar, keksalar, hatto yosh bolalar ham borligi achinarli. Ushbu jinoyatning rivojlanishiga turtki bo‘layotgan asosiy omillardan biri odamlarning chet elga borish va ishga joylashish haqida yetarli ma’lumotga ega emasligidir. Achinarlisi, o‘zga davlat, begona bir muhitga tushib qolganlar mo‘may daromad ilinjida og‘ir jismoniy mehnatga yollanmoqda, ayollar esa tuban va fahsh ishlarga majbur etilmoqda.
Odam savdosi – kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud boshqa majburlash shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun uni to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish orqali odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning boshqa shakllarini, majburiy mehnat yoki xizmatlarni, qullik yoki qullikka o‘xshash odatlarni, erksiz holat yoxud inson a’zolari yoki to‘qimalarini ajratib olishni anglatadi.
Odam savdosiga qarshi kurashishda aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida ushbu illatning xavfi va oqibatlari haqida tushuntirish olib borish, fuqarolarni bu borada vaziyatdan ogoh etish hamda xabardorligini ta’minlash, mamlakatimizda odam savdosini oldini borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilib borish, odam savdosining salbiy omillari to‘g‘risida xabardorligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ushbu mavzuga bag‘ishlangan davra suhbatlari, konferensiya, ilmiy amaliy anjumanlar o‘tkazilib kelinmoqda, aholining bu borada huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida foydalanish uchun qulay bo‘lgan o‘quv uslubiy qo‘llanmalar nashr etilib tarqatilmoqda.
Biroq, shu kabi keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilishiga qaramasdan mamalakatimizda ham ushbu kabi illatga qo‘l urib jinoyat sodir etgan shaxslar uchramoqda.
Xususan, fuqaro N.A oson va qing‘ir yo‘llar bilan boylik orttirishdek g‘arazli va boshqa past maqsadlarni ko‘zlab, o‘zining benikoh tug‘ilgan farzandini sotish orqali moddiy naf ko‘rishni rejalashtirib, 2024 yilning 02 noyabr kuni soat 15-45 larda Navoiy viloyati IIB JQB xodimlari tomonidan fuqaro B.Shning arizasi yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Xatirchi tumani hududidagi “Ekofish” choyxonasida N.A 27.10.2024 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan o‘g‘il jinsiga mansub farzandini 5.000.000 (besh million) so‘m pul evaziga ariza muallifi B.Shga sotgan vaqtida, tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinib, undan kimyoviy ishlov berilgan 5.000.000 (besh million) so‘m pullar xolislar ishtirokida ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudining 2025-yil 23-apreldagi hukmiga ko‘ra, A.N O‘zbekiston Respublikasi JKning 135-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb toplib, unga nisbatan ushbu modda bilan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ushbu jinoyat uchun aybdor shaxsga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlangan.
Ana shu kabi odam savdosini oldini olish uchun keng jamoatchilik bilan hamkorlikda targ‘ibot va tashviqot ishlarini yanada jadallashtirish, mahalalarda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy-ma’rifat va ma’naviy-ahloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar imkoniyatlaridan samarali foydalanish, shuningdek xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasi, ularning huquqlari himoyasini ta’minlash ishlarini kuchaytirish zarur.
O‘zbekiston Respublikasida olib borilayotgan barcha islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat sifatida e’zozlashdir.
Shunday ekan, transmilliy xususiyat kasb etgan, ya’ni hudud va chegara tanlamas jirkanch illat – odam savdosiga qarshi keskin kurash olib borish barchamizning muhim vazifamizdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Xatirchi tuman sudi raisi Sh.Mamirov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Xatirchi tuman sudi tergov sudyasi A.Norbekov