Giyohvandlikka nisbatan “asr vabosi” deya ta’rif berilgani bejiz emas. Chunki bugungi kunda aynan shu illat tufayli insoniyat salomatligi, taqdiri va kelajagiga rahna solinmoqda. Shuning uchun nafaqat illat, balki global ofat sifatida giyohvandlikka qarshi qat’iy kurashib kelinmoqda.
Giyohvandlik — millionlab insonlar hayotiga chang solib, qanchadan-qancha oilalarni parokanda etadi va shu orqali jamiyat rivojiga jiddiy to‘siq bo‘ladi. Shu sababli dunyo hamjamiyati tomonidan, jumladan, mamlakatimizda ham bu illatga qarshi keng qamrovli kurash olib borilmoqda.
Bu bejiz emas. Chunki narkomaniya insonning sog‘lig‘iga ulkan zarar keltirib, uning hayotini butunlay izdan chiqarib yuboradigan halokat yo‘lidir. Lekin darhol harakat qilinsa, zarur choralar ko‘rilsa, giyohvandlikka chalingan bemorni qutqarib qolish mumkin.
Sirasini aytganda, giyohvandlik — ijtimoiy kasallik bo‘lib, uning oldini olish uchun avvalo, mazkur xastalikning sabab bo‘luvchi omillarini bartaraf etish, xususan, aholi bandligini ta’minlash, yoshlarni sportga jalb etish va, albatta, yoshlarning ma’naviy dunyosini umuminsoniy qadriyatlar va milliy g‘urur hissi bilan boyitish kerak.
So‘nggi yillarda yurtimizda narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi yoki bunday zararli vositalar iste’mol qilinishining oldini olishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.
Bunda, ayniqsa, 2024-yil 6-may kuni Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish orqali ularning aholi salomatligi va mamlakatimiz genofondiga salbiy ta’sirini bartaraf etish strategik chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani ulkan ahamiyat kasb etdi. Ushbu hujjatda ayni sohadagi davlat siyosatining istiqbolli yo‘nalishlari belgilab berildi.
Farmon bilan O‘zbekiston Respublikasida giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028-yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya tasdiqlandi. Milliy strategiyada ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda.
Mamalakatimizda ham ushbu illatga qarshi keng qamrovli ishlar amalga oshirilishiga qaramasdan giyohvandlik jinoyati sodir etgan shaxslar borgan sari ko‘paymoqda.
Xususan jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudi tomonidan 2025 yilda giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan 19 nafar shaxsga nisbatan 18 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, ko‘rilgan ishlardan 5 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 10 nafar shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi, 4 nafariga esa axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Ushbu ko‘rilgan jinoyat ishlaridan 10 nafar shaxsga nisbatan 10 ta jinoyat ishi joylarda sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilgan bo‘lib, sayyor sud majlisi ishtirokchilari ishtirokida sud qarorlari o‘qib eshittirilishi bilan bir qatorda sud qarorlarining mazmun mohiyati, ushbu turdagi jinoyatchilikni oldini olish, ushbu turdagi jinoyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar to‘g‘risida hamda shu kabi jinoyatni sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligi, uning huquqiy oqibatlari to‘g‘risida tushuntirishlar berib borilmoqda.
Bundan tashqari jinoyatchilikni oldini olish va sabablarini bartaraf etish maqsadida korxona, muassasa va tashkiloatlar rahbarlariga nisbatan 21 ta xususiy ajrimlar chiqarilgan.
Umuman olganda, umr insonga berilgan tengsiz in’omdir. Uning qadriga yetish, mazmunli umrguzaronlik qilish, avvalo, har kimning o‘ziga bog‘liq. Demak, giyohvandlikning oldini olish va ushbu illatga qarshi kurashishda har birimiz yanada faol va tashabbuskor bo‘lishimiz zarur.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Xatirchi tuman sudi raisi Sh.Mamirov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Xatirchi tuman sudining tergov sudyasi A.Norbekov